“BITIRUVCHILAR YARMARKASI” – BITIRUVCHILAR BANDLIGINI TAʼMINLASHDA KAFOLATLI QADAM

“BITIRUVCHILAR YARMARKASI” – BITIRUVCHILAR BANDLIGINI TAʼMINLASHDA KAFOLATLI QADAM

Bugun, 26 fevral kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 2018-2019 oʻquv yili bakalavriat va magistratura bitiruvchilari uchun “Bitiruvchilar yarmarkasi” boʻlib oʻtdi.

Bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, ularning kelgusidagi ish joylarini tanlashlariga koʻmaklashish, boʻlajak kadrlarni ish beruvchilar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda potensial ish beruvchilar (isteʼmolchilar), universitet Taqsimot komissiyasi, “Yoshlar ittifoqi” BT, OAV vakillari, universitet bitiruvchilari hamda ustoz-murabbiylar ishtirok etishdi.

“Bitiruvchilar yarmarkasi”da Oʻzbekiston Respublikasining Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Madaniyat, Mudofaa vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasini, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Bandlik Bosh boshqarmasi, “Maʼrifat”, “Uchitel Uzbekistana” va boshqa gazetalar, nodavlat taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha oʻz takliflari bilan qatnashdi. Shuningdek, tadbirda Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari Xalq taʼlimi boshqarmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi vakillari qatnashishdi.

Qayd etish lozimki, ayni paytda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini 2018–2019 oʻquv yilida bitirayotgan 1816 nafar bakalavriat va magistratura talabalari xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili, filologiya va tillarni oʻqitish: ingliz tili, nemis tili, fransuz tili, ispan tili, xitoy tili, yapon tili, rus tili, rus tili va adabiyoti oʻzga tilli guruhlarda, tarjima nazariyasi va amaliyoti, xalqaro jurnalistika yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olishmoqda.

Yarmarkada bitiruvchi kurs talabalari taklif etilgan boʻsh ish oʻrinlari haqida batafsil maʼlumotlar olish bilan birga, shartnomalar imzolashga erishdilar.