DAVLAT BAYROGʻI – MUSTAQILLIK TIMSOLI

DAVLAT BAYROGʻI – MUSTAQILLIK TIMSOLI

2018 yil 16 noyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, OʻzDJTU Pedagogika va psixologiya kafedrasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi – mustaqillik timsoli” mavzusida maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbirda deputatlar, universitet professor-oʻqituvchilari va talabalar jamoasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan edi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi professor A.Qizgʻizbayev. – 2010 yildan kuchga kirgan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan bayrogʻimizga doir huquqiy asos yanada takomillashtirildi. Bugungi tadbir ham davlat ramzlariga oid qonunosti hujjatlarini yanada takomillashtirish, ularni xalqqa yetkazish, yosh avlodni davlat ramzlariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi tashviqot-targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgani ayni muddaodir.

Shuningdek, suhbat davomida davlat bayrogʻi va davlat gerbini tayyorlash faqat yuridik shaxslar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishini qatʼiy oʻrnatish, davlat bayrogʻini ishlab chiqarish, ularning tasviri tushirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishning qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish bilan bogʻliq oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham muhokama qilindi.

Tadbir soʻngida bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.