E'zozaxon Namozovaning ijod namunalaridan bahramand bo'ling

E'zozaxon Namozovaning ijod namunalaridan bahramand bo'ling

Fakultetimizda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarning ijod namunalaridan hukmingizga havola etishda davomat etamiz. Quyida siz birinchi bosqich talabasi E'zozaxon Namozovaning ijod namunalaridan bahramand bo'lasiz.    

                                       Akamga

Qisqa umri oq yo`rgakka o`ralganmi

Yo bo`lmasa  bashariyatga aylanganmi

Qiynalganmi,o`rtanganmi,to`lg`onganmi

Akam desam ming  bo`lakka bo`linaman

Bir soniya aka, sizga aylanaman

 

Diydorimga to`ygin singlim deya olmay

Ketganimda sog`inasan degandirsiz

Balki siz ham diydorimga to`ya olmay

Farishtadek osmonlarga ketgandirsiz

 

Joningizga jonginamni o`rar edim

Poyingizni o`par edim ming bukilib

Yurar edim davralarda so`zim bermay

Pahlavondek akam bor deb bir kerilib

 

Armon bo`lgan orzuimsiz sarobimda-

Lovullagan quyosh bo`lib o`chgan yulduz

Ulug`larning savobi bor ko`z yoshimda

Sizga atab doston yozgan lablar-so`zsiz

Akam desam ming bo`lakka bo`linaman

Qop-qora qosh akam, sizga aylanaman

                 

 Yurtim…

Men kimga o`xshatay kimga qiyoslay

Qay tilllarda kuylay qay tilda so`zlay

Vatan, faqat yorug` kuningni ko`zlay

Yo`qotganim ichra topganim Vatan

Titrab tuprog`ini o`pganim Vatan

 

 

Ko`zimga surtayin izing to`tiyo

Bag`rimga bosayin ko`ksing to`tiyo

Sensiz men ojizman,tanhoman go`yo

Chaman ichra topgan gulzorim Vatan

Yuragim titratgan dilzorim Vatan

 

Buyuk yo`l boshlading karvon muborak

Oqil va donishmand Sarbon muborak

Yangi to`n muborak,to`ylar muborak

Zulmat ichra topgan chirog`im Vatan

Ko`zimning nurisan,qarog`im, Vatan!!!

 

                                Lolaqizg`aldoq

Keng dalaning ko`ksi yoriq,hammayog`i qon

Tanasini ko`tarolmay taqibdi baldoq

Senga savolim bor ojiz lolajon

Nega sening oting Lolaqizg`aldoq

 

Boshing ma`yus egibsan sekin,jimgina

Yig`labsan bag`ringni o`rabdi dog`lar

Sen yig`latishdi aytgin kimgina-

Eh…afsus olamga to`ymas odamlar!!!

 

O`kinma lolajon,o`ylama faqat

Inson bu Allohning ongli jonzodi

Ammo kezi kelsa,hayvonlardan ham

 Vahshiyroq chiqadi bu odam zoti!!!

 

Besh kunlik umringni hazon qildilar

Yanchdilar,ayamay seni terdilar

Keyin esa,keyinchi johillar kabi

Qurigan tanangni xashak bildilar…

 

Senga savolim bor,ojiz lolajon

Nega har bahorda bo`ying cho`zasan

Shoshilib yashaysan jonga berib jon

So`ngra erinmasdan ruhing chizasan?

 

Qara ko`klam keldi,keldi-ku Onang

Mozordan boshlaysan nega chiroying

Muhammad ediku eng sodiq oshnang

Endi Islomlar ham kutar visoling

 

Mozori ochilgan jonlar yig`laydi

Qovog`i osilgan bahor yig`laydi

Ozgina umridan ko`ngli to`ymasdan

Dalada so`ligan lola yig`laydi

Sendan bo`lak koshonam yo`q, deb o`kinib

Qabrda Muhammad yana yig`laydi

Dardingni bilolmay o`ylab,berkinib

Gulbarging quchoqlab E`zoz yig`laydi.

Onamga

Dunyoni beraman desalar avval

Onamni dunyodek suyshim aytaman

Kech qolsam ko`zlari yo`limga mahtal-

Onam bor,dunyoni olib netaman

 

Oyog`ingiz ostida jannatni ko`rdim

Farishtam,soddadil beayb munisim

Bog`larda gullarni ko`rdim,sanadim

Ulardan chiroyli gulimsiz onam!

 

Ayb qilmang so`zingiz quloqqa olmay

Havotir  olishga  majbur aylasam

Sizni ko`rib turmasam nafas olomay

Qolaman,qaniydi bir quchib olsam…

                              Dadajonimga

Men ojizman,ojiz bandaman

Dunyoyimda Quyoshim otam

Mehringizga mushtoq,bandiman

Basavlatim,mehribon otam

 

Dada, deyman ko`zim yoshlanib

Sog`inaman ishda bo`lsangiz

Yotolmayman,ming bor to`lg`onib

Agar biroz kechroq qaytsangiz

 

Beminnatim,qizim kulsin deb

O`zingizni o`ylamabsiz-a

Oilam tinch,ro`zg`or to`lsin deb

Uyquda ham tin olmabsiz-a

 

Yoshligimda qo`limdan tutib

Yurar edik ko`cha aylanib

Borar edik turli joylarga

Kular edik baxtdan quvonib

 

Ellik yoshga kirdingiz mana

Onam bilan boshimiz bo`ling

Qarilikning gashtini surib

Yuz yoshda ham qarimay yuring…