Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy vazifalari belgilanmoqda

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy vazifalari belgilanmoqda

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “ Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, pedagog kadrlarning malaka tavsiflariga muvofiqligi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi hamda tasarrufida ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan xodimlarning asosiy lavozimlari malaka tavsiflaridagi talablar asosida o‘rganiladi.

Quyidagilar pedagog kadrlarni faoliyati samaradorligini baholashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

o‘quv fani bo‘yicha malakasi, dars o‘tish mahorati, mehnati samaradorligi va malaka oshirish kurslarida bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni rag‘batlantirish;

jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etgan hissasi uchun ish haqi miqdorini oshirish imkoniyatlarini yaratish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi, chet tillarini bilishi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishni ta'minlash.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy prinsiplari davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislik hisoblanadi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash maktabgacha, umumiy o‘rta ta'lim, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari va oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlari uchun har o‘quv yili yakuni may-iyun oylari bir marta o‘tkaziladi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashdan maktabgacha, umumiy o‘rta ta'lim, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari va oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlari o‘tkazilishi shart.

Ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar bir yildan so‘ng, oliy ta'lim muassasalari yoki kasb-hunar kollejlarini bitirib birinchi bor ishga kirganlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashga jalb etiladi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan holda uzoq muddat (uch oydan ortiq) davolanayotgan, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarishlash ta'tilidagi pedagog kadrlar ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng faoliyat samaradorligini baholashga jalb etiladi.

Davlat maktabgacha, umumiy o‘rta, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari va oliy ta'lim muassasalari rahbarlari pedagog kadrlarni faoliyati samaradorligini baholash muddatini bir oy oldin e'lon qiladi va ularni faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tkazish tartibi bilan tanishtiradi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashga doir tashkiliy masalalar ta'limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlari va ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni o‘tkazishda hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Muvofiqlashtirish ishlari, faoliyat samaradorligini baholash jadvallarini ishlab chiqish va jarayonga oid faoliyatni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma qarorlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etishdan, uzluksiz ta'lim tizimi pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni o‘tkazishdan hamda ularning natijalarini e'lon qilishdan iborat.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni nazorat qilish, uning natijalarini tahlil qilish, baholash hamda mazkur Nizom talablari buzilgan holda qabul qilingan qarorlarga oid ma'lumotnomalarni tasarrufida ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga yuborish orqali amalga oshiriladi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash ikki bosqichda o‘tkaziladi:

a) birinchi bosqichda - pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tuvchilarning dars o‘tish mahorati va mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan o‘rganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;

b) ikkinchi bosqichda - komissiyalar tomonidan pedagog kadrning va tarbiyalanuvchi (ta'lim oluvchi)larning erishgan yutuqlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bilishi hamda xorijiy tillar va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini aniqlash yuzasidan suhbat o‘tkaziladi. Suhbat jarayoni videotasvirga olinadi, berilgan savollar va javoblar maxsus (sahifalangan, tikilgan va muhrlangan) daftarda qayd etiladi.

23. Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash ta'lim muassasasi ekspertlar guruhi tomonidan tegishli mezonlar bo‘yicha 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi.

Pedagog kadrlarning faoliyati samaradorligini baholash quyidagi ballar yig‘indisi asosida belgilanadi:

faoliyat samaradorligi qoniqarsiz  – 56 balldan past bo‘lsa;
faoliyati samaradorligi qoniqarli – 56 balldan 75 ballgacha;
faoliyati samaradorligi o‘rta            – 76 balldan 85 ballgacha;
faoliyati samaradorligi yuqori        – 86 balldan 100 ballgacha.